Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani sudida notanish qizga shilqimlik qilib, uni urib qochgan A.A.ga nisbatan hukm o‘qilgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 fevral kuni Bo‘zbozor ko‘chasida 26 yoshli erkak jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga rioya qilmay, behayolarcha oldidan o‘tib ketayotgan 17 yoshli qizning orqasidan ushlagan. Qarshilik ko‘rsatgan qizning yuziga mushti bilan urib, voqea joyidan yashiringan.
Sud-tibbiy ekspertizasi qizning pastki lab sohasida jarohatlar aniqlagan va ularni yengil jarohatlar sifatida baholagan.
Ayblanuvchi o‘z aybini to‘liq tan olgan va turmushidan ajrashganidan so‘ng yangi hayot qurishga intilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni u jabrlanuvchi qizni ko‘rgan va birinchi u bilan tanishib, keyin turmush qurishni xohlagan. Jinoyatchining aytishicha, u tasodifan qizga yaqinlashib, belidan past joyini ushlab olgan.
Jabrlanuvchi qiz esa mazkur voqea sabab juda yomon ruhiy holatga tushib qolgani va ayni paytda u ko‘chada yolg‘iz yurishdan qo‘rqishini bildirgan. Uning fikricha, jamiyatda bunday shaxslarning mavjudligi atrofdagilar uchun tahdiddir. Jabrlanuvchi sudlanuvchini kechirmagan va bu boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun suddan unga eng og‘ir jazo berishini so‘ragan.
Sud erkakni Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «d» bandi (Bezorilik) bilan aybdor deb topib, 2 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.