Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan Misrning “Orascom Investment Holding” kompaniyasi raisi Najib Savirisni qabul qildi.
Uchrashuvda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish hamda avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq qoʻshma loyihalarni ilgari surish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida, shu jumladan togʻ-kon sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, turizm, qurilish, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Najib Saviris yurtimiz iqtisodiyotiga Misr investitsiyalarini koʻpaytirish uchun barcha saʼy-harakatlarni ishga solishga tayyorligini bildirdi.