Abu-Dabi Milliy koʻrgazma markazida (ADNEC) 29-apreldan 5-mayga qadar davom etadigan xalqaro kitob yarmarkasida 90 ta davlatdan jami 1350 nafar noshirlar ishtirok etmoqda. Xususan, Gretsiya, Shri-Lanka, Malayziya, Pokiston, Kipr, Mozambik, Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Braziliya ilk marta qatnashmoqda.
Maʼlum qilinishicha, yarmarka doirasida 2000dan ziyod, jumladan madaniy tadbirlar boʻlib oʻtadi. Shuningdek, joriy yilda yarmarka tarixida birinchi marta keng qamrovli raqamli toʻlov tizimi joriy etiladi.
Bu yilgi Abu-Dabi xalqaro kitob koʻrgazmasi arab va xalqaro nashriyotlarni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan professional dasturlarni taklif qilish orqali nashriyot va ijodiy sohalar uchun yangi qirralarni ochadi.
Shuningdek, sunʼiy intellektning nashriyot dunyosi va ijodiy sohaga taʼsiri, mualliflik huquqi muhofazasiga bagʻishlangan maʼruzalar, mahorat darslari oʻtkazilishi ham koʻzda tutilgan.
Xalqaro yarmarka doirasidagi tadbirlarda taniqli ekspert va mutaxassislar, shu jumladan, Xalqaro noshirlar assotsiatsiyasi (IPA) prezidenti Karine Pansa, IPA bosh kotibi, dunyodagi eng yirik audionashrlardan biri RBmedia boshqaruvchi direktori Xose Borgino, Audionashrlar assotsiatsiyasi ijrochi direktori Mishel Kobb hamda Arab nashriyotlari assotsiatsiyasi prezidenti Muhammad Rashidlar ishtirok etmoqda.