Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil mudofaa kuchlari (IMK) rahbariyatiga Eronga javob zarbasi berish uchun potensial nishonlarni tanlashni topshirdi. Bu haqda “Washington Post” hukumatga yaqin amaldorga tayanib yozmoqda.
“Hamma Isroil javob berishi kerakligiga rozi”, dedi manba va IMK hujumi katta talofatlarga olib kelmasligi, lekin, albatta, Tehronga “xabar yuborishi” kerak.
Shu yilning 14-aprelga oʻtar kechasi Eron qurolli kuchlari Isroil hududiga 185 ta dron, 36 ta qanotli va 110 ta “yer-yer” sinfidagi raketalardan foydalangan holda yirik havo hujumini amalga oshirdi.
Ikki davlat oʻrtasidagi mojaroning kuchayishi Isroil harbiy-havo kuchlarining shu yilning 1-aprel kuni Eronning Suriyadagi konsulligiga bergan zarbasi tufayli yuzaga keldi.
Ushbu hujum oqibatida Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining yetti nafar zobiti, jumladan, korpusning Suriya va Livandagi Quds kuchlari qoʻmondoni Muhammad Rizo Zohidiy va uning oʻrinbosari, brigada generali Muhammad Hodi Hoji Rahimiy, shuningdek, uch nafar Suriya va bir nafar Livan fuqarosi halok boʻlgan. Oʻshanda Tehron javob berish huquqiga ega ekanligini bildirgandi.