2023 yilning 16 yanvaridan beri Toshkent viloyatidagi Piskent tumanini boshqarib kelayotgan Nodirbek Gulmuradovich Yoqubov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan bo‘shatildi. Uning o‘rniga Muzaffar Akbarovich Aripov hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.
Hokimlik Nodirbek Yoqubov nega ishdan bo‘shash haqida ariza yozganiga aniqlik kiritmagan.
Qayd etilishicha, Aripov bugun, 11 aprel kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida o‘tkazilgan Xalq deputatlari Piskent tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyada yangi lavozimga tayinlangan.
Muzaffar Aripov 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2010 yilda Toshkent davlat agrar universitetini, 2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Lavozimga tayinlangunga qadar, Toshkent viloyati hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari lavozimida ishlab kelgan.