Zelenskiy Gʻarbni havo hujumidan mudofaa tizimlarini koʻproq yetkazib berishga chaqirdi

Zelenskiy Gʻarbni havo hujumidan mudofaa tizimlarini koʻproq yetkazib berishga chaqirdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Xarkovni havo hujumlaridan himoya qilish bilan bogʻliq qiyin vaziyatni tan oldi va Gʻarbni havo hujumidan mudofaa tizimlarini koʻproq yetkazib berishga chaqirdi.

“Ukrainadagi havo hujumidan mudofaa tizimlari yetarli emasligi aniq — va bu bizning barcha hamkorlarimiz uchun ayon. Biz Xarkovni havoda koʻproq himoya qilish imkoniyatlarini qidirmoqdamiz”, dedi u.

Avvalroq, Ukrainaning DTEK energetika xoldingi bosh direktori Maksim Timchenko Ukrainaning havo mudofaasi bir necha oy avvalgiga qaraganda zaifroq ekanini aytgan edi.

Oʻz navbatida, Vladimir Zelenskiy idorasi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak Germaniyaning “Bild” nashriga bergan intervyusida Rossiya qoʻshinlari tobora oldinga siljiyotgani va qurol-yarogʻ sohasidagi hozirgi vaziyat tufayli Ukraina qarshilik koʻrsata olmasligidan shikoyat qilgandi. Shu oʻrinda u mojaroni muzlatish gʻoyasini rad etdi.

Ukraina qoʻshinlari bosh qoʻmondoni Aleksandr Sirskiy avvalroq Gʻarbdan qurol-yarogʻ yetishmasligidan shikoyat qilib, shu sababdan Ukraina Qurolli kuchlari strategik mudofaaga oʻtganini taʼkidlagan edi.