Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish faoliyatini o‘rgandi.
Texnik tartibga solish mahsulot va xizmatlarning xavfsizligi, ishonchliligi, funksional mosligi va sifatini ta’minlash orqali iqtisodiy samaradorlikni oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
So‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilgan islohotlar natijasida uning huquqiy asosi mustahkamlandi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
“Raqamli O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida “E-Standart”, “E-Metrologiya” va “E-Akkreditatsiya” axborot tizimlari ishlab chiqildi.
19,6 mingga yaqin standart xalqaro talablarga muvofiqlashtirildi va standartlarning umumiy sonida ularning ulushi 10 foizdan 80,4 foizga oshdi.
Joriy qilingan xalqaro texnik reglamentlar soni 5,1 barobarga (12 tadan 61 taga) oshdi.
Eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida turli sohalardagi 1261 korxonada ISO 9001 xalqaro standartiga muvofiq sifat menejmenti tizimlari joriy etildi.
20,6 mingta korxonada tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilib, standartlashtirish (5,6 ming), metrologiya (13,2 ming), sertifikatlashtirish (1,8 ming turdagi mahsulot) yo‘nalishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi. 640 mingdan ortiq o‘lchov asboblari metrologik tekshiruvdan o‘tkazildi.
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi sinov laboratoriyalari modernizatsiya qilinib, yangi uskunalar bilan ta’minlandi, 4 ta laboratoriya xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi, 13 ta yangi laboratoriya tashkil etildi.
“O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” Laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot (ILAC MRA) ga teng huquqli a’zosi sifatida qabul qilindi, O‘zbekistonda o‘tkazilgan sinovlarning natijalari dunyoning 116 ta mamlakatida tan olinadi.
Oeko Tex, GOTS, BCSI, Sedex, Global GAP, Organic, CE va boshqa xalqaro standartlar to‘qimachilik sanoatida 165 ta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida 241 ta va elektrotexnika sanoatida 61 ta korxonada joriy etildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida texnik jihatdan tartibga solish tizimi ustuvor vazifa sifatida milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, xalqaro standartlarni joriy etgan korxonalar sonini 5 mingtaga yetkazish hisobiga eksport salohiyatini oshirishda ko‘mak beradi.