Yevropa Ittifoqi Ukrainaga moliyaviy yordam paketini oʻtkazishni boshladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga moliyaviy yordam paketini oʻtkazishni boshladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 1,5 milliard yevro miqdoridagi moliyaviy yordam paketining birinchi qismini oʻtkazdi. Bu haqda Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel maʼlum qildi.

Borrelning soʻzlariga koʻra, Yevropa Ittifoqi Kiyevga 2027-yilgacha 50 milliard yevro miqdoridagi moliyaviy yordam paketi doirasida transferlarni boshlagan.

“Bugun biz Ukraina jamgʻarmasi — Ukrainani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha dasturimiz doirasida birinchi transhni oʻtkazdik”, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari. Xabar qilinishicha, birinchi transh 1,5 milliard yevroni tashkil qilgan.

Shu yilning 23-fevral kuni Yevropa Ittifoqi Ukrainaga moliyaviy yordamni davom ettirishga vaʼda berdi. Aytilishicha, 50 milliard yevrolik qutqaruv paketi Kiyevning “tezkor ehtiyojlarini qondirish va iqtisodiyoti va jamiyatini tiklash”ga yordam beradi.

Avvalroq, Borrel Ukraina qurolli kuchlaridan Rossiya aktivlaridan keladigan daromadlar hisobiga qurol sotib olish rejalari haqida maʼlum qilgandi.

Siyosatchiga koʻra, ushbu daromadlarning 90 foizi qurol sotib olishga sarflanishi rejalashtirilgan, qolgan 10 foizi Ukraina harbiy-sanoat kompleksi salohiyatini oshirish uchun Yevropa Ittifoqi byudjetiga yoʻnaltiriladi.