Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida 16 yashar qizni fohishalikka majbur qilgan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga «Istiqbolli avlod» NNT orqali Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumanida yashovchi 2008 yilda tug‘ilgan qizdan murojaat kelib tushgan.
Qizning bildirishicha, u uyidagi tazyiq va yaqinlari uni tushunmasligi tufayli uydan chiqib ketgan. So‘ng bir tanishi uni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi qandaydir xonadonga olib borgan. Mazkur xonadon egasi bo‘lgan ayol esa qizni fohishalikka majbur qilgan, lekin u muayyan vaqtdan keyin u yerdan qochib keta olgan va ko‘mak so‘ragan.
“Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi”, deyiladi xabarda.
Tekshiruv natijasida joriy yilning 5 mart kuni ayolga nisbatan Jinoyat kodeksi 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 4-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov olib borilmoqda.