AQSH Markaziy qoʻmondonligi Adan koʻrfazida Yaman shimolida hukmronlik qiluvchi “Ansor Alloh” harakati (husiylar) tomonidan hujumga uchragan Buyuk Britaniyaning “MV Rubymar” yuk kemasi Qizil dengizda choʻkib ketganini tasdiqladi.
Avvalroq, husiylar kemaga hujum qilganini eʼlon qilgan. Ularga koʻra, kema katta zarar koʻrgan va uni choʻktirish bilan tahdid qilingan.
Manbada aytilishicha, kema ekipaji evakuatsiya qilishga muvaffaq boʻlingan.
“Sky News Arabia” telekanali ham Yamandagi manbalariga tayanib, kema choʻkib ketganini xabar qildi. Bu haqda oʻsha kuni husiylar harbiy vakili Yahyo Sariya maʼlum qildi.
“2-mart kuni Buyuk Britaniyaga tegishli “MV Rubymar” Beliz bayrogʻi ostida harakat qilayotgan yuk kemasi Eron tomonidan kemaga qarshi ballistik raketa zarbasidan soʻng Qizil dengizda choʻkib ketdi”, deyiladi qoʻmondonlikning ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida.
Markaziy qoʻmondonlikning qoʻshimcha qilishicha, kemada olib ketilayotgan 21 ming tonnaga yaqin ammoniy fosfat va ammoniy sulfat oʻgʻitlari Qizil dengizda ekologik xavf tugʻdiradi.
Yamanning Qizil dengiz sohillarining katta qismini nazorat qiluvchi Yaman shimolidagi hukmron “Ansor Alloh” harakati avvalroq Isroil bilan bogʻliq har qanday kemaga hujum qilish niyatida ekani haqida ogohlantirgan edi. Shundan soʻng bir qator kompaniyalar Qizil dengiz orqali yuk tashishni toʻxtatishga qaror qildi.
Husiylar Qizil dengizdagi harakatlari Gʻazo sektoridagi falastinliklarga yordam berishga qaratilganligini aytdi va ular mintaqada navigatsiya erkinligiga toʻsqinlik qilmayotganini taʼkidladi.
Arab va musulmon davlatlari AQSHni Isroilning Gʻazo sektoridagi harakatlarini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlashi mojaroning butun mintaqaga tarqalishiga olib kelishi haqida bir necha bor ogohlantirgan.
AQSH va Buyuk Britaniya yanvar oyi oʻrtalaridan beri husiylar nishonlariga zarbalar berib, buni Qizil dengizda navigatsiya erkinligi tahdidlariga javob deb atamoqda.
“Ansor Alloh” harakati oliy siyosiy kengashi aʼzosi Muhammad Ali al-Husiy bu hujumlarni terroristik vahshiylik va qasddan hamda asossiz tajovuz deb atadi.