Beshariq tumanining “Doʻstlik” MFY hududida istiqomat qiluvchi Shuhratjon Xoʻjaqulov xonadonidagi 10 sotixli issiqxonada bir va koʻp yillik gul koʻchatlari yetishtirish bilan shugʻullanadi.
Ayni paytda issiqxonada 100 xildan ortiq gul koʻchatlari parvarish qilinadi. Shu tariqa oila aʼzolaridan tashqari, 20 nafar mahalladoshlari doimiy va mavsumiy ish oʻrni bilan taʼminlangan.
2023-yili issiqxonada yetishtirilgan gul koʻchatlaridan 300 million soʻmdan ziyod sof daromad olindi. Gullar buyurtma asosida Fargʻona vodiysi, poytaxtimiz Toshkent va mamlakatimizning boshqa viloyatlariga yetkazib beriladi. Shuningdek, qoʻshni Tojikiston va Qirgʻizistonga eksport qilinmoqda.
— Gulchilik sohasida Xitoy tajribasini oʻrganib, ushbu yurtdan keltirilgan bir necha turdagi eksportbop gullarni mahalliylashtirishga muvaffaq boʻldik, — deydi Shuhratjon Xoʻjaqulov. — Hozirda Yaponiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya davlatlarining gulchilik sohasidagi tajribasini oʻrganish va faoliyatimizga tatbiq etish boʻyicha izlanishlar olib boryapmiz.
Kuni kecha Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov xonadonimizda boʻlib, yutuqlarimizni yuksak eʼtirof etdi. Bu tajribani viloyat miqyosida ommalashtirish zarurligini taʼkidladi. Bunday eʼtibor va ragʻbatdan ruhlanib dehqon xoʻjaligi tashkil etish orqali faoliyatimizni yanada kengaytirish va qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratishni maqsad qildim.