Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 26-fevral kuni Parijda Ukrainani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha konferensiya yakunlangach, Kiyevni uzoq masofaga uchuvchi qurollar bilan taʼminlash boʻyicha koalitsiya tashkil etilishini eʼlon qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, gap oʻrta va uzoq masofaga moʻljallangan raketalar va bombalar orqali chuqur zarbalar haqida ketmoqda.
“Biz chuqur zarbalar uchun toʻqqizinchi koalitsiya yaratishga qaror qildik. Bugun tundan boshlab biz ushbu koalitsiyaga barcha imkoniyatlarga ega boʻlgan mamlakatlarni jalb qilish va yangi qurollarni yetkazib berishni boshlashni tashkil qilamiz”, dedi Emmanuel Makron.
Fransiya yetakchisining eslatishicha, bungacha maʼlum turdagi oʻq-dorilar, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari va artilleriya vositalari yetkazib berishni nazarda tutuvchi sakkizta koalitsiya tuzilgan.
NATO ham zamonaviy texnologiyalarni Kiyevga oʻtkazishni rejalashtirmoqda
Tadbirdan soʻng oʻtkazilgan matbuot anjumanida Makron Gʻarb davlatlarini frontdagi ogʻir vaziyatda Ukrainaga faolroq yordam berishga chaqirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, Gʻarb davlatlari Ukraina mojarosida “Rossiyaning gʻalaba qozonishiga yoʻl qoʻymaslik” uchun hamma narsani qiladi. Ular Ukrainaga oʻq-dorilar yetkazib berishda ishtirok etishi mumkin boʻlgan uchinchi davlatlarni aniqlash niyatida. Bundan tashqari, snaryadlar uchun turli komponentlarni sotib olish mumkin boʻlgan mamlakatlarni aniqlash ham rejalashtirilmoqda.
Oʻz navbatida Fransiya prezidenti Gʻarb Rossiya bilan urush boshlash niyatida emasligiga ishontirmoqda.
Uning taʼkidlashicha, Gʻarb davlatlari keskinlikni ushlab turishga qaror qilgan.
Oʻz navbatida, Polsha prezidenti Anjey Duda NATO davlatlari Kiyevga zamonaviy raketa texnologiyalarini oʻtkazish masalasini muhokama qilayotganini aytdi.
Gʻarb Ukrainaga oʻz qoʻshinlarini yuborish haqida gapirmoqda
Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Ukrainaga qoʻshin yuborish imkoniyatini izohlar ekan, Makron bunday ssenariyni istisno qilmadi.
“Biz buni muhokama qildik, quruqlikdagi qoʻshinlarni rasmiy ravishda yuborish boʻyicha konsensusga hali erishilgani yoʻq, ammo hech narsani inkor etib boʻlmaydi”, dedi Emmanuel Makron.
Yevropa Ittifoqi va NATOning ayrim davlatlari ikki tomonlama kelishuvlar asosida oʻz harbiylarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini koʻrib chiqayotgani haqida Slovakiya bosh vaziri Robert Fiko ham maʼlum qildi. Shu bilan birga, u bunday qadam faqat mojaroning kuchayishiga olib kelishidan ogohlantirdi. Oʻz navbatida, Fiko Slovakiya oʻz harbiylarini yubormasligini taʼkidladi. Chexiya bosh vaziri Petr Fiala ham Praga oʻz harbiylarini Ukrainaga joʻnatishni rejalashtirmaganini daʼvo qilmoqda.