Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-fevral kuni IT-xizmatlar infratuzilmasi va eksportini rivojlantirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu haqda oʻtgan yili 20-dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida boʻlgan videoselektor yigʻilishida topshiriq berilgan edi.
Hozirgi kunda IT-park rezidentlari soni 1 ming 700 taga yetib, ularda 26 ming nafar xodim faoliyat koʻrsatmoqda. “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida rezidentlar sonini 10 barobar oshirib, ulardagi ish oʻrinlarini 100 mingtaga yetkazish, sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga olib chiqish belgilangan.
Shu maqsadda, hududlarga IT-eksportchi tashkilotlarni keng jalb qilishga qaratilgan “Zero Risk” dasturini qoʻllash taklif etilmoqda. Bu dasturda ishtirok etuvchi korxonalarga IT-park tavsiyanomasi asosida boʻsh turgan davlat binolari 1-yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi. Bu muddat tugagach, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuziladi. IT-park tomonidan texnika va jihozlar 1-yilgacha muddatga tekin foydalanishga beriladi.
Bu korxonalar faoliyatini rivojlantirishi uchun ham qator imtiyozlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, ushbu dastur boʻyicha korxonalarga xodimlarni ishga olish va malakasini oshirish xarajatlari 50 foizgacha qoplab beriladi.
Mahalliy IT-kompaniyalarni xalqaro miqyosga olib chiqish boʻyicha “Local to Global” loyihasi amalga oshiriladi. Unga koʻra, mahalliy IT-kompaniyalarning jahon bozoriga chiqishi, xalqaro koʻrgazmalarda qatnashishi, xorijiy ekspertlarni taklif etishida xarajatlarning 50 foizgacha qismi qoplab beriladi.
Taqdimotda “raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish boʻyicha ham axborot berildi. Yoshlar, ayollar va nogironligi boʻlgan shaxslarda IT-xizmatlar koʻrsatish koʻnikmalari shakllantiriladi. Natijada 9 mingta ish oʻrni yaratilishi, jumladan, 5 mingga yaqin ayollar va nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligi taʼminlanishi moʻljallangan.
Umuman, “raqamli inklyuzivlik” loyihasi natijasida 25 ming nafar shaxsni ish bilan taʼminlash hisob-kitob qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.