Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘zbekistonliklarni qorlar erishi va tomlardan sumalaklarning tushishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, binodan chiqayotganda, tomlarda qor massalari, sumalaklar va muzlarning to‘planishi, ularning tushishi mumkin bo‘lgan joylarni chetlab o‘tishga e’tibor berish kerak. Bolalarni xavfli deb hisoblangan joylarda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Binolarning tomidan qor massalari va sumalaklar tushish holatlarida xavfsizlik choralari:
- qor massalari, sumalak va muzlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan tomlari baland uylarga yaqinlashmaslik, bolalarning bunday joylarda o‘ynashi va bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak;
- agarda xavfli joyda panjarasi, ogohlantiruvchi belgilari mavjud bo‘lsa, ulardan o‘tishga urinmang, xavfli joyni boshqa yo‘l bilan aylanib o‘tish lozim;
- quloqchin taqqan holda ko‘chada yurmaslik kerak, chunki tomdan tushayotgan qor massalari shovqinini eshitmay qolish mumkin;
- piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab harakatlanayotganda, yuqori qavatlarda shubhali shovqin eshitilganda, to‘xtamaslik kerak. Bunday vaqtda qochib ketib bo‘lmaydi, imkon qadar tezroq bino devoriga yopishish lozim, bu xavfsiz bo‘lishga xizmat qiladi;
- avtotransport vositalarini tomi baland binolar yoki tepasida qor massalari, sumalak va muzlar bo‘lgan inshootlar yaqiniga qo‘ymaslik kerak;
- agar odam tomdan tushgan qor massalari, sumalak va muzlar tufayli jarohatlansa, darhol tez yordam chaqirish lozim.