Amerikalik milliarder Ilon Mask mobil aloqadan voz kechib, faqat X ijtimoiy tarmog‘i orqali muloqot qilishga o‘tmoqchiligini aytdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida ma’lum qildi.
“Men bir necha oy mobaynida telefon raqamimni o‘chirib qo‘yib, faqat X’dan matnli, audio va video qo‘ng‘iroqlar uchun foydalanishga qaror qildim”, deydi Mask. Biroq u buning sabablarini ochiqlamagan.
Ma’lumot o‘rnida, Mask ko‘p hollarda o‘zining hazil aralash postlari orqali jamoatchilikning e’tiborini tortishga harakat qiladi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham amerikalik jurnalistga bergan shov-shu vli intervyusida tadbirkor haqida gapirib, “uning innovatsiyalarini to‘xtatib bo‘lmasligi”ni aytib o‘tgan.
Rossiya yetakchisi milliarderni “ziyoli inson” deb atab, uning so‘zlariga quloq solish g‘arblik siyosatchilar uchun foydadan holi bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask o‘zining X’dagi akkauntida ilk marta odamga gadjetlardan fikrlar yordamida foydalanish imkonini beruvchi Neuralink neyrochipi o‘rnatilganini ma’lum qilgandi.