Buyuk Britaniya qiroli Karl III saraton kasalligiga chalingan. Bu haqda Bukingem saroyi bayonot berdi.
“Kasalxonada yaqinda oʻtkazilgan muolajalar chogʻida alohida tashvishli masala qayd etildi. Keyingi diagnostik tekshiruvlar saratonning bir shaklini aniqladi”, — deyiladi bayonotda.
Aniqlik kiritilishicha, gap bu yerda prostata saratoni haqida ketmayapti. Bukingem saroyining qoʻshimcha qilishicha, qirol allaqachon davolanishni boshlagan. Shifokorlar bu vaqt davomida unga ommaviy tadbirlarni kechiktirishni maslahat berishgan. Shunga qaramay, Karl III davlat vazifalarini bajarishda va rasmiy hujjatlar bilan ishlashda davom etadi.
Shu yilning yanvar oyi oxirida Karl III kasalxonadan chiqqandi. U yerda prostata bezi kattalashgani uchun muolaja olgandi.
Karl III 2022-yilda mamlakatni 70-yildan ortiq boshqargan onasi, qirolicha Yelizaveta II vafotidan keyin Buyuk Britaniya qiroli boʻlgandi. Uning toj kiyish marosimi 2023-yil 6-mayda boʻlib oʻtgandi.
Oldinroq, AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostinda saraton xastaligi aniqlangani haqida xabar bergandik.