Turizm qo‘mitasida Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) mutaxassislari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda GIZ O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga doir amalga oshirilayotgan loyihalarning taqdimotini o‘tkazdi. Xalqaro tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda GIZ Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlarida turizm yo‘nalishida infratuzilmalar va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir umumiy rejalarni ishlab chiqilganligini ma’lum qildi.
Uchrashuv doirasida uzoq xorij mamlakatlaridan tashrif buyuradigan sayyohlar uchun O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarni o‘zida jam qilgan tur paketlar va turistik marshrutlar muhokama qilindi.
Ikki tomon rasmiylari xorijiy va mahalliy turistlarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida yagona axborot turistik platformasini hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib oldi. Bunda turistlarga sayohat vaqtida kerak bo‘ladigan mamlakatimiz mintaqalaridagi xizmatlar turlari haqida ma’lumotlar taqdim qilinishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari turizm yo‘nalishida professional mutaxassislarni tayyorlash maqsadida kolejlarda maxsus o‘qitish dasturini yaratish taklifi ko‘rib chiqildi.