Lisichansk shahri Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 28 kishi halok bo‘lib, 10 kishi yaralangan. Bu haqda Moskva tomonidan Luhansk oblastining okkupatsiya ostidagi qismiga rahbar etib tayinlangan Leonid Pasechnik xabar bergan. 4 fevral kuni qurbonlar uchun motam e’lon qilingan.
Avvaliga xarobalar ostida 40 ga yaqin kishi qolib ketgani xabar qilingandi. Qurbonlar soni hali ortishi mumkin.
Rossiyaning TASS va RIA Novosti agentliklari zarba qurbonlari haqidagi ma’lumotlarni FVV va mahalliy ma’muriyatga asoslangan holda keltirmoqda.
«LXR sog‘liqni saqlash vaziri» Nataliya Pashchenko Lisichansk o‘qqa tutilishi oqibatida yaralanganlardan besh nafarining ahvoli og‘irligi, bir necha kishi Luhansk shahridagi shifoxonaga yotqizilgani haqida ma’lum qilgan.
Rasmiyning ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning o‘rtacha yoshi – 30-40 yosh atrofida. 28 kishidan 18 nafari erkak, 9 nafari ayol va bir nafari bola bo‘lgan.
Lisichanskdagi novvoyxona binosi qulagan joyda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, qutqaruvchilar vayron bo‘lgan konstruksiyalardan 65 foizini tozalagan, deyiladi xabarda.
Ukraina hukumati hozircha Lisichansk o‘qqa tutilishi yuzasidan munosabat bildirmagan.
Lisichansk shanba kuni soat 14:20 da o‘qqa tutilgan.
Rossiya nazorati ostidagi Luhansk axborot markazi xabariga ko‘ra, Ukraina AQSh tomonidan yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan novvoyxonani o‘qqa tutgan.
Hozircha bu zarbadan maqsad nima bo‘lgani aniq emas.
Zarba kelib tushgan joyda olingan fotosuratlarda bino viveskasida shunday yozuv bor: «Adriatik restorani». Lisichanskda chindan ham Moskva ko‘chasi, 167a uy manzilida shunday nomdagi ukrain oshxonasi restorani bo‘lgan. Mahalliy aholi vakillari ham ijtimoiy tarmoqlarda zarba restoran binosiga kelgani haqida yozishgan.
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Moskva xalqaro tashkilotlar ushbu zarbani «zudlik bilan va so‘zsiz qoralashi»ni kutayotganini aytgan.
Front chizig‘i yaqinida joylashgan Lisichanskda Rossiyaning 2022 yil fevralida boshlangan bosqiniga qadar 111 mingga yaqin kishi yashagan.
Rossiya qo‘shinlari Lisichanskni 2022 yil yozida, bir necha oylik shiddatli janglardan keyin egallab olgandi.