O‘zbekistonda maktab o‘quvchilariga ingliz tilidan tashqari xitoy, nemis, fransuz, koreys va yapon tillaridan biri o‘tilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining «Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10–11-sinflarida tajriba-sinov tariqasida o‘quvchilarning tanlovidan kelib chiqib «Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish» yoki «Biznes va kasb-hunar» yo‘nalishlari bo‘yicha ham o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich tashkil etiladi (tayanch o‘quv reja asosida o‘qitish bilan bir qatorda);
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishning quyidagi tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:
- 5–9-sinflarda xorijiy tilga o‘qitish intensivligini oshirish orqali o‘quvchilarda bazaviy bilim va nutqiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;
- 10–11-sinflarda xorijiy tilni o‘qitishda asosiy e’tibor o‘quvchilarning akademik yozuv va gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratiladi;
- «Fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish» yo‘nalishi doirasida xorijiy til fanini tanlagan o‘quvchilar 10–11-sinflarda ikkinchi xorijiy tilga o‘qitiladi;
- xorijiy til yo‘nalishida pedagoglar tayyorlaydigan davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bitiruvchi kurs talabalariga bir vaqtning o‘zida ham o‘qish, ham pedagogik faoliyatni amalga oshirish imkonini beruvchi moslashuvchan dars jadvali joriy qilinadi.
2024 yil 1 mayga qadar 11-sinfda ikkinchi xorijiy tilning kamida A2 darajada o‘zlashtirilishini nazarda tutuvchi xorijiy til fani bo‘yicha o‘quv reja va dasturlar takomillashtiriladi.
2024 yil yakuniga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga xitoy, nemis, fransuz, koreys, ingliz va yapon tillari bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb qilinadi.