Germaniya Ukrainaga oltita “Sea King” (Dengiz Qiroli) ko‘p tarmoqli vertolyotlarini yetkazib berishga va’da berdi. Bu haqda Germaniya Mudofaa vazirligining rasmiy “X” akkauntida ma’lum qilindi.
Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Ukrainaga yetkazilib berishi mo‘ljallanayotgan “Sea King” vertolyotlari zamonaviy va ishonchli ekanini aytib o‘tdi.
“Vertolyot ukrainaliklarga Qora dengizni razvedka qilishdan tortib, askarlarni tashishgacha bo‘lgan muhim amaliyotlarda yordam beradi”, degan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat havo xavfsizligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, harbiy vertolyotlarning yetkazilib berish vaqti ochiqlanmagan.
Qo‘shimcha manbalarning ta’kidlashicha, 2022 yil fevralidan beri Ukrainaga Germaniyadan ko‘rsatilgan gumanitar, moliyaviy va harbiy yordamning umumiy qiymati 27 mlrd yevrodan oshgan. Germaniya hukumati 2024 yilda ko‘makni 4 mlrddan 8 mlrd yevrogacha – 2023 yilga nisbatan ikki barobarga oshirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabr oyi oxirlarida Berlin Kiyevga yangi harbiy yordam paketini, jumladan, harbiy texnika va o‘q-dorilarni yuborgan edi.