2025-yilgi magistratura qabul jarayonlari bilan bog‘liq xabarlar 1-iyul atrofida tarqala boshladi.
Talabalar kutgan lahzalar keldi, biroq bu safar hamma istagandek bo‘lmadi. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘lgan magistratura qabul jarayoni yana bir bor texnik muammolar, noaniqliklar va bilan boshlandi. Rasmiy manbalar orqali qabul jarayoni 7-iyul kuni ochilgani e’lon qilindi. Ammo bunga qadar bir hafta davomida tizimga kirib bo‘lmasligi, hujjat topshira olmaslik holatlari ko‘pchilikda norozilik uyg‘otdi. Qizig‘i shundaki, dastlabki xabarlarda qabul 1-iyuldan 30-iyulgacha (shu kuni ham) davom etishi ta’kidlangan edi. Demak, rasmiy e’lon qilingan muddatdan bir hafta ‘‘yeb qo‘yildi’’. Shunday savol tug‘iladi, o‘sha oradagi bir hafta hisobini kimdan so‘rash mumkin? Bugungi kunda raqamli tizimlar orqali boshqarilayotgan davlat xizmatlarida aniqlik, ishonchlilik va barqarorlik asosiy talab bo‘lishi kerak. Ayniqsa, minglab yoshlarga taalluqli bo‘lgan oliy ta’lim masalalarida! Bir qarashda, tizimdagi nosozlik texnik muammo, desa bo‘ladi. Ammo bu texnik xatoliklar orqasida minglab yoshlarning asabi, sarsonliklari va vaqt boy berilishi yotibdi. Bu esa jiddiy ijtimoiy muammo. Qiziq tomoni shundaki, tizim ishlamayotgani ochiq ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, mutasaddilar tomonidan hech qanday rasmiy bayonot berilmadi, na sababi aytildi, na uzr so‘raldi. Toki 7-iyulgacha kutish davom etdi. Endi esa haqli savol tug‘iladi agar qabul jarayoni kechiktirilgan bo‘lsa, nega u 30-iyulda yakunlanadi? Axir qabulning bir haftasi tizim nosozligi sabab ishdan to‘xtab turgan bo‘lsa, adolatli yondashuv sifatida bu muddat yana kamida bir hafta uzaytirilishi kerak emasmi?
Bu yerda gap shunchaki sanalar haqida emas.
Bu tizimga, tartibga va eng muhimi, yoshlarga bo‘lgan munosabat haqida. Qabul jarayoni bu yoshlar hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri. Ular bu jarayonda o‘zlariga emas, davlatga, tizimga, adolatga ishonishni istashadi. Shunday ekan, vaziyatga befarq bo‘lmaslik kerak. Qabulni bir hafta kech ochilganini tan olish, uzr so‘rash va muddatni adolatli ravishda uzaytirish bu kuch emas, balki mas’uliyat va shaffoflik belgisi bo‘lardi. Umid qilamizki, mas’ullar bu borada sukut saqlamaydi. Chunki har bir so‘z, har bir qaror ortida yoshlarning ishonchi turibdi.
Muxbir: Tabassum Bahromova