Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish FAO konferensiyasi diqqat markazida

Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish FAO konferensiyasi diqqat markazida

Shu kunlarda Italiyaning Rim shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat tashkilotining Yevropa Mintaqaviy konferensiyasining 34-sessiyasida boʻlib oʻtmoqda.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham ishtirok etmoqda.

Mazkur anjuman doirasida I. Abdurahmonov «Tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda raqamlashtirish va innovatsiyalar oʻrni» mavzusidagi panel sessiyada qatnashdi. Unda Oʻzbekiston, Albaniya va Moldova qishloq xoʻjaligi vazirlari nutq soʻzladi.

I. Abdurahmonov oʻz nutqida qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish, yerlardan samarali foydalanish va sohani ilmiy rivojlantirishda raqamlashtirish va innovatsiyalarni joriy etish muhimligi taʼkidladi. Bundan tashqari, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashish va sohaning iqlimga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha milliy dastur ishlab chiqilgani, agrometeorologiya stansiyalari oʻrnatish, yerni lazerli tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish, «Aqlli qishloq xoʻjaligi» amaliyotlarini kengaytirish va sohadagi issiqxona gazlaridan foydalanishni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratilganiga urgʻu berdi.

Shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasida iqlim oʻzgarishiga moslashish va innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi. Vazir shu sohada faoliyat yuritayotgan olimlar va ekspertlarni Orol dengizi basseynida yangi texnologiyalarni sinovdan oʻtkazish va joriy qilishga taklif etdi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Anjuman doirasida I. Abdurahmonov Albaniya qishloq xoʻjaligi vaziri bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muloqot olib bordi.

Muloqotda ikki davlat ilmiy tadqiqot institutlari oʻrtasida qoʻshma ilmiy izlanishlar oʻtkazish, Albaniya laboratoriya tajribasini yutimizda joriy qilish, oʻzaro start-up loyihalarni ham amalga oshirish borasida oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Albaniya oʻrtasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport salohiyatini kengaytirish borasida samarali va konstruktiv hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.