Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning Xitoy tajribasi

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning Xitoy tajribasi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan Xitoy misolida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning xorij tajribasi o‘rganildi.

Xitoyda oilaviy tadbirkorlik sub’yektlarining rivojlanish tarixi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan qisqaligi bilan ajralib turadi. Xitoyda 1978-yilda o‘tkazilgan iqtisodiy islohotlardan so‘ng tadbirkorlik sub’yektlarning xususiy mulkka egalik qilishiga ruxsat berilgan.

Bugungi kunda Xitoyda ro‘yxatga olingan yirik kompaniyalarning 30 foizdan ortig‘i va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining qariyb 90 foizi oilaviy tadbirkorlik sub’yektlari sifatida tasniflanadi.

Xitoy hukumati tomonidan 90-yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlardan keyin oilaviy tadbirkorlik sub’yektlari o‘zining yuqori samaradorligi hisobiga katta o‘sishni namoyish qildi.

Asosan kichik va o‘rta biznes sohasida keng tarqalgan oilaviy tadbirkorlikning yirik biznes darajasigacha o‘sishi bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan. Dastlab ion batareyalarini ishlab chiqaruvchi kichik BYD oilaviy tadbirkorlik korxonasi hozirga kelib, nafaqat Xitoy, balki dunyoda elektromobillarni ishlab chiqaruvchi eng yirik korporatsiyalardan biriga aylangani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Xitoyda tadbirkorlik sub’yektlari, xususan oilaviy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni iste’molchiga o‘z vaqtida yetkazib berish borasida onlayn savdo platformalari va tovarlarni yetkazish xizmatlari juda yaxshi rivojlangan. So‘nggi 20 yilda Xitoy hukumati yetkazib berish xizmatlari infratuzilmasini yaxshilash uchun katta miqdorda moliyaviy mablag‘ ajratdi.

Bugungi kunda Xitoyda ishlab chiqarilgan tovarlarni iste’molchilarga yetkazib berishda Taobao, Tmall, AliExpress, 1688.com, JD.com, Pinduoduo kabi yirik onlayn savdo platformalari faoliyat yuritmoqda. Bulardan tashqari SF Express, Cainiao Network, JD Logistics, YTO Express, ZTO Express, STO Express kabi qulay va arzon yetkazib berish xizmatlari mavjud. Natijada Xitoy tadbirkorlarining onlayn savdo platformalari orqali savdo hajmi 2019-yilda 1 trln. 801 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 3 trln. 85 mlrd. dollarga yetdi.

Xalqaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy Kengashi (China Council for the Promotion of International Trade) xitoylik tadbirkorlarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun ularni chet mamlakatlardagi standartlar, bojxona tizimi, transport imkoniyatlari haqidagi zarur ma’lumotlar bilan ta’minlaydi.

Batafsil