Dog‘istonda aksilterror operatsiyasi boshlandi

Dog‘istonda aksilterror operatsiyasi boshlandi

Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Dog‘iston respublikasidagi Maxachqal’a va Kaspiysk shaharlaridagi turar-joy binolarining bir nechta xonadonlarida qurolli terrorchilarning chiqish yo‘llari yopib qo‘yildi. Bu haqda Rossiya Milliy antiterror qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Dog‘iston xavfsizlik idoralari tezkor-qidiruv tadbirlari davomida terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullangan qurolli shaxslarning qayerda ekani haqida ma’lumot olgan. 31 martga o‘tar kechasi Federal xavfsizlik xizmati maxsus agentlari Maxachqal’a va Kaspiysk turar-joylaridagi bir necha xonadonni qurshab olgan. Qo‘shni uylar aholisi evakuatsiya qilingan.

Jangarilar borligi aytilgan hududda terrorga qarshi operatsiya uchun qonuniy rejim joriy qilingan. Kaspiyskdagi binolardan biridagi kvartirada ikki terrorchining binodan chiqishi to‘sib qo‘yilgan.

Shuningdek, 29 mart kuni FXX Stavropol o‘lkasida terakt uyushtirishni rejalashtirgan uch nafar xorijlikni hibsga olgan. Qo‘lga olinganlar ommaviy to‘planadigan joylarda portlatish yo‘li bilan terrorchilik harakatini amalga oshirishni rejalashtirgan markaziy osiyoliklar bo‘lgan.