Quvasoyda aholi xonadonlari tajriba tariqasida parrandachilikka ixtisoslashtiriladi

Quvasoyda aholi xonadonlari tajriba tariqasida parrandachilikka ixtisoslashtiriladi

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan sanoatchilar shahri — Quvasoyda tajriba tariqasida aholi xonadonlarida parrandachilik tarmogʻini rivojlantirish maqsad qilinmoqda. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Quvasoy naslli parranda” MChJda boʻlib oʻtgan yuzma-yuz uchrashuvda shu xususda maʼlumot berdi.

Aytish joiz, ushbu parrandachilik korxonasida 90 nafardan ziyod quvasoyliklar bandligi taʼminlangan. Korxonada 350 ming boshdan ortiq parranda boqiladi, uning 80 mingga yaqini goʻsht ishlab chiqarish, qolgani esa tuxum yetishtirish uchun parvarishlanmoqda. Korxona yiliga qariyb 60 million dona tuxum ishlab chiqarish quvvatiga ega.

— Tovuq yetti xazinaning biri, u oila uchun, doimiy daromad va baraka manbaidir, — deydi korxona rahbari Tohirjon Turgʻunboyev. — Ezgu tashabbus doirasida nafaqat oilalar muqim daromad manbaiga ega boʻladi, balki mazkur tarmoqda shahrimizning eksport salohiyati ham oshadi.

Muloqotda tajriba sifatida shaharning “Doʻstlik” MFY aholi xonadonlarida tovuq boqishni drayver sohaga aylantirish boʻyicha mahalla yettiligi bilan kelishib olindi. Dastlab sinov tariqasida mahalladagi 10 ta xonadon tanlab olinib, parranda boqish yoʻlga qoʻyiladi. Kutilgan natija boʻlganidan keyin tajriba mahalla boʻylab keng ommalashtiriladi.