Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga bugun, 14 fevral kuni Qatar davlati asoschisi shayx Josim bin Muhammad bin Soniyning qilichi topshirildi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
“Qatar Davlatining asoschisi Shayx Josim bin Muhammad bin Soniyning qilichi Qatarning eng oliy davlat ramzi bo‘lib, Qatar Amiri tomonidan shaxsan monarxlar, shahzodalar va davlat rahbarlariga Qatar davlati va butun insoniyat oldidagi xizmatlari uchun sovg‘a qilinadi”, deyiladi xabarda.
Prezident matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, ushbu qilich sovg‘a qilingan birinchi xorijiy davlat rahbari Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud bo‘lgan. Qilich keyinchalik Ummon sultoni Xaysam bin Tarek va Ispaniya qiroli Filipp VI ga hadya qilingan.
Qayd etilishicha, To‘qayevga taqdim etilgan sovg‘a Qatar davlati asoschisi shayx Josim bin Muhammad bin Soniy (1827-1913) qilichining aynan nusxasi hisoblanadi. Uning qini sariq oltindan (18 karat) yasalgan va ikki tomoni bezatilgan. Qilich qimmatbaho zanglamaydigan po‘latdan ishlangan, dastasi tuya suyagidan yasalgan, agat va turmalin bilan qoplangan.
Ma’lumot uchun, kecha, 13 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qatarga yetib borgan, uni Dohadagi “Hamad” xalqaro aeroportida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy kutib olgan. Bugun, 14 fevral kuni Qosim-Jomart To‘qayev Qatar Amirining “Divon Amiriy” saroyiga bordi. U yerda yetakchilarning tantanali uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. To‘qayev Qozog‘iston va Qatar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishni taklif qildi. Shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti va Qatar Davlati Amiri o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.