Oʻzbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisini Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi

Oʻzbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisini Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotda ushbu mamlakat Prezidentligiga navbatdan tashqari saylov muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Saylovchilar ishtiroki va faolligi yuqori darajada boʻlganini qayd etib, davlatimiz rahbari qardosh ozarbayjon xalqi davlat kelajagi, kuchli va gullab-yashnagan Ozarbayjon uchun ovoz berib, toʻgʻri qaror qabul qilganiga ishonch bildirdi.

Suhbatda Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni toʻliq amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik ijobiy surʼatda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. Qoʻshma Investitsiya kompaniyasi oʻz ishini boshladi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol amalga oshirilmoqda.

Xalqaro tuzilmalar, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Boʻlajak tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.