“Oʻzbekgidroenergo” AJ delegatsiyasi Guandun provinsiyasidagi quvvati 1200 MVt boʻlgan “Shenjen GTES” faoliyati bilan yaqindan tanishdi

“Oʻzbekgidroenergo” AJ delegatsiyasi Guandun provinsiyasidagi quvvati 1200 MVt boʻlgan “Shenjen GTES” faoliyati bilan yaqindan tanishdi

Xitoy davlatiga tashrif davomida “Oʻzbekgidroenergo” AJ delegatsiyasi vakillari tomonidan Guandun provinsiyasidagi quvvati 1200 MVt boʻlgan “Shenjen GTES” (Gidro toʻplash elektr stansiyasi) loyiha maydoniga tashrif buyurildi.

Tashrif davomida GTES loyihasini amalga oshirishda Xitoy tajribasi va zamonaviy texnologiyalari bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, “China Southern Power Grid International” kompaniyasi bilan GTES loyihalarini Oʻzbekistonda amalga oshirish boʻyicha fikr-mulohaza almashildi, amaliy harakatlar “Yoʻl xaritasi” imzolandi hamda oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha yoʻnalishlar muhokama qilindi.

2023-yil oktyabr oyida “Bir makon, bir yoʻl” sammitida CSPG kompaniyasi bilan quvvati 600 MVt boʻlgan «Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Pskem daryosidagi Yuqori Pskem GTES qurilishi» loyihasini hamkorlikda amalga oshirish kelishuvi (Joint Development Agreement – JDA) imzolangan. Kelishuv shartlariga muvofiq, loyihani BOOT (build-operate-ownership-transfer) modelida ishlab chiqishga kelishilgan.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, China Southern Power Grid Company Limited (qisqartmasi – CSG (Xitoy janubiy elektr tarmoqlari), Janubiy Xitoyda faoliyat yurituvchi Xitoy davlat energetika kompaniyasidir. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashga ixtisoslashgan. 2002-yilda tashkil etilgan boʻlib, bosh qarorgohi (shtab-kvartirasi) Guanchjouda shahrida joylashgan. Mamlakatning eng yirik kompaniyalari qatoridan joy olgan.

CSG tomonidan ishga tushirilgan bir qator eng yirik GTESlar roʻyxati:

1. Quvvati 2400 MVt boʻlgan Guannjou GTES 2000-yilda ishga tushirilgan;

2. Quvvati 2400 MVt boʻlgan Xuijou GTES 2011-yilda ishga tushirilgan;

3. Quvvati 1280 MVt boʻlgan Shinyuan GTES 2016-yilda ishga tushirilgan;

4. Quvvati 1200 MVt boʻlgan Shenjen GTES 2018-yilda ishga tushirilgan;

5. Quvvati 600 MVt boʻlgan Shiongjong GTES 2018-yilda ishga tushirilgan;

6. Quvvati 1200 MVt boʻlgan Miyejou GTES 2022-yilda ishga tushirilgan;

7. Quvvati 1200 MVt boʻlgan Yangjiang GTES 2022-yilda ishga tushirilgan.