Berlinda fermerlarning namoyishlari to‘xtamayapti

Berlinda fermerlarning namoyishlari to‘xtamayapti

Germaniya hukumatining qishloq xo‘jaligi sohasida rejalashtirgan tejamkorlik choralariga qarshi qaratilgan nemis fermerlarining norozilik haftaligi ortidan Berlinda namoyishlar kuchaymoqda, deb xabar bermoqda “Dautsche Welle” nashri.

Germaniya dehqonlar ittifoqi bu namoyishlarda qatnashayotgan ishtirokchilarning aniq sonini keltirmagan bo‘lsada, taxminan 30 ming kishi bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Moliya vazirining nutqi norozi qichqiriqlar bilan kutib olindi

Brandenburg darvozasi oldidagi mitingda so‘zga chiqqan Germaniya dehqonlari ittifoqi rahbari Yoaxim Rukvid hukumat koalitsiyasini qishloq xo‘jaligida rejalashtirilgan tejamkorlik choralaridan voz kechishga chaqirdi.

“Soliqlarni oshirish bo‘yicha takliflarni qaytarib oling, keyin biz ham ketamiz”, degan u. Rukvid rasmiylar bilan muloqotga tayyorligini bildirgan, biroq hukumatning ayni paytdagi taklifini rad etib, uni adolatsiz deb aytgan. Shuningdek, mamlakatning ishonchli oziq-ovqat ta’minoti fermerlarga bog‘liq ekanini alohida ta’kidlagan. Namoyishchilar oldida so‘zlagan Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner hukumatning fermerlar uchun  soliq imtiyozlarini bekor qilish bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlarini himoya qilar ekan, fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi talablar bilan qishloq xo‘jaligini qurbon qilmaslik kerak. Shuningdek, moliyaviy yukni ham adolatli taqsimlash kerakligini aytgan. Lindnerning ta’kidlashicha, fermerlarning tinch va qonuniy noroziliklari allaqachon muvaffaqiyatli bo‘lgan, chunki hukumat ularning dalillarini eshitgan va qishloq xo‘jaligi texnikasiga transport solig‘ini joriy etish niyatidan voz kechgan.

Lekin moliya vazirining nutqi namoyishchilar tomonidan norozi qichqiriqlar, hushtaklar bilan kutib olingan va bu ovozlar uning nutqini bosib ketdi, deya yozadi mahalliy nashrlar.

Yangi noroziliklarga chaqiriq

O‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi va ekologiya tashkilotlari birlashib “Biz to‘yganmiz!” degan shior ostida federal hukumatning qishloq xo‘jaligi siyosatiga qarshi yangi norozilik namoyishlariga chaqirmoqda. Ular hukmron koalitsiyani qishloq xo‘jaligi kelajagini kafolatlashga va yerlardan foydalanishda fermerlarni yetarli darajada qo‘llab-quvvatlashlarini so‘ragan. Shuningdek, bu harakat 20 yanvar kuni Berlindagi “Yashil haftalik” qishloq xo‘jaligi yarmarkasida yangi namoyish o‘tkazishga chaqirgan. Tashkilot vakili Inka Lange so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilgan “qishloq xo‘jaligi siyosatidagi turg‘unlik”ka chek qo‘yish zarurligini aytgan.

Yo‘l harakatidagi uzilishlar

Brandenburg darvozasi hududida qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘planganligi sababli, jiddiy tirbandliklar yuzaga kelgan, deb xabar bermoqda poytaxt politsiyasi. Hozircha norozilik namoyishida jiddiy hodisalar kuzatilmagan. Namoyishda tartibsizliklar yuzaga kelmasligi uchun 1300 dan ortiq politsiyachi jalb qilingan. O‘tgan hafta oxirida Berlindagi markaziy norozilik aksiyasida ishtirok etish uchun ko‘plab fermerlar traktorlari bilan kelishganligi sababli hukumat ularga to‘xtash joylari ajratgan edi.

Bu shunchaki dehqonlarning noroziligi emas

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Berlindagi fermerlarning aksiyasida poytaxtga o‘z yuk mashinalari bilan kelgan hunarmandlar va transport kompaniyalari haydovchilari ham qatnashgan, bundan tashqari, namoyishchilarga turli xildagi restoran va mehmonxona biznesi ishchilari ham qo‘shilgan. Sababi, ular ham hukumat tomonidan belgilangan soliq yukini oshirishga qarshi.

Fermerlarning norozilik haftasi

Nemis fermerlari hukumatning qishloq xo‘jaligi subsidiyalarini qisqartirishga qarshi norozilik namoyishlarini 2023 yil dekabridan beri ommaviy ravishda uyushtirib kelishmoqda.

Hukumatning byudjetni tejash rejasiga ko‘ra 2024 yilda fermerlar 70 yildan ortiq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan dizel chegirmalari va soliq imtiyozlaridan mahrum bo‘lishlari kerak edi. Germaniya Moliya vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu chora har yili byudjetni 480 million yevro tejashga yordam beradi. Namoyishlardan keyin Berlin o‘z rejalarini tuzatishga qaror qildi, ya’ni, imtiyozlarni to‘liq va bir vaqtning o‘zida emas, balki asta-sekin bekor qilishni rejalashtirdi. Biroq nemis dehqonlar ittifoqi bu bilan o‘z noroziliklarini to‘xtatmayapti.