Oʻzbekistonda III Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻz ishini yakunladi

Oʻzbekistonda III Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻz ishini yakunladi

Oʻzbekistonda III Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻz ishini yakunladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotiga koʻra, 93 mamlakatdan 2,5 mingdan ortiq delegatni jamlagan forum global muloqot va investitsiyaviy sohadagi ilgʻor tajriba almashish maydoniga aylandi.

Tadbirning eng muhim voqealaridan biri Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Bosh vazirlari ishtirokida mintaqaviy energetika loyihalarining (Qambarota GES-1 va Yovon GЭSini qurish) xorijiy investorlarga taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Forumni 30 ta mamlakatdan 110 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalari, jumladan dunyoning yetakchi nashrlari “CNN”, “Euronews”, “London Post”, va “Associated Press” tomonidan yoritildi.

Forum yakuniga koʻra jami qiymati $26,6 milliardga teng kelishuvlar imzolandi. Maʼlumot uchun: 2023-y. TXIFda $11 mlrd. 167 ta hujjat imzolangandi.

Xususan quyidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi:

— “Data Volt” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan hamkorlikda “Yangi Toshkent”da shahar infratuzilmasini qurish ($1 mlrd.) va yashil texnologiyalarga asoslangan “maʼlumotlar markazlarini” qurish ($3 млрд.);

— “Acwa Power” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 2 GVt boʻlgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurish ($6,2 млрд.);

— “Amea Power” kompaniyasi (BAA) bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida quvvati 1000 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish ($1,1 млрд.);

— “Saudi Tabrid” kompaniyasi bilan Nukus, Fargʻona va Quvasoy shaharlarida issiqlik tizimini modernizatsiya qilish ($750 млн.);

— “Nil Shugar” kompaniyasi (Misr) bilan Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish ($500 млн.);

— “Shanxay Knud Interneshnl” kompaniyasi (Xitoy) bilan Namangan viloyatida tekstil va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ($205 млн.);

— “Vilmar Interneshnl” kompaniyasi (Singapur) bilan Toshkent viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari va chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish ($200 млн.).

Bundan tashqari, forumda dunyoning bir qator yirik kompaniyalari hisoblangan “Oraskom Investment” (Misr), “Bonafarm Grup” (Vengriya), “Sayar” (AQSH), “Goldvind”, “Sinoma” (Xitoy), “Sam Yapi” (Turkiya), “Pasha Development” (Ozarbayjon) “Laselsberger” (Avstriya), “Petrosat Chexelsoton” (Eron) kabi kompaniyalar bilan qiymati $6,6 mlrd. teng yangi investitsiya loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Tadbirda iqtisodiy rivojlanishning eng muhim jihatlari muhokama qilingan panel sessiyalar, muhokamalar, biznes nonushta va davra suhbatlari kabi boy dasturdan iborat boʻldi. Kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashda davlat, investorlar va tadbirkorlarning roli markaziy mavzulardan biriga aylandi.

Sessiyada korrupsiyaga qarshi kurash siyosati boʻyicha yetakchi ekspertlar soʻzga chiqdi.

— Iqtisodiyotda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish sarmoyaviy muhitni yaxshilash uchun zarur, — deya xavfsiz va shaffof ishbilarmonlik muhitini yaratish muhimligini taʼkidladilar soʻzga chiqqanlar.

— Korrupsiyaga qarshi samarali kurash kompleks yondashuvni, jumladan, qonunchilikni mustahkamlash va davlat harakatlarining shaffofligini oshirishni talab qiladi, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov.

Forum turli vazirliklar va viloyatlar uchun investitsiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi. Imzolangan kelishuvlar sanoat, energetika, farmatsevtika va avtomobilsozlik kabi muhim tarmoqlarni rivojlantirishdan darak beradi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Energetika vazirligi va Data Volt axborot texnologiyalari kompaniyasi oʻrtasida “yashil” texnologiyalarga asoslangan data-markazni qurish boʻyicha kelishuv forumning asosiy yutuqlaridan biri boʻldi. Mutaxassislar bunday loyihalarning Oʻzbekiston uchun muhimligini taʼkidladilar. Imzolash marosimida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Data Volt direktori Rajit Nanda ishtirok etdi.

Shuningdek, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va “Al Bawani Capital” kompaniyasi oʻrtasida Sirdaryo-Baxt halqa avtomobil yoʻlini qurish va Toshkent-Samarqand yoʻlini rekonstruksiya qilish boʻyicha kelishuv imzolandi. Imzolangan kelishuvlar kelgusidagi investitsiya tashabbuslari uchun asos boʻlishi kutilmoqda.

Toshkentdagi III Xalqaro investitsiya forumi yakunlandi, biroq rejalashtirilgan tashabbuslar va imzolangan kelishuvlar barqaror rivojlanish va investitsiyalarni jalb etish yoʻlida faol ish olib borishni vaʼda qilmoqda. Oʻzbekiston xalqaro maydondagi strategik hamkor sifatidagi rolini yana bir bor tasdiqlab, jahon sarmoyadorlari eʼtiborini oʻziga qaratib, mintaqa iqtisodiy oʻsishiga hissa qoʻshmoqda.