Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi roli yanada oshiriladi

Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi roli yanada oshiriladi

“Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-75-son, 19.02.2024 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-martdan:

— qonun loyihasidagi havolaki normalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va mas’ul ijrochilari loyihaning o‘zida majburiy tartibda belgilanadi;

— tegishli sohani tartibga soluvchi qonun loyihasini tayyorlashda ushbu sohadagi qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan munosabatlarni qonun darajasiga ko‘tarish imkoniyatini muhokama qilish shartligi belgilanadi va bu haqda qonun loyihasining tushuntirish xatida ko‘rsatiladi;

— qonun kuchga kirgan kundan boshlab-5 yil o‘tib, mas’ul davlat organi va Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalari tomonidan qonunning samaradorligini, maqsadi va kutilgan natijalarga erishilganligini aniqlash uchun uning tartibga solish ta’sirini baholash amaliyoti joriy etiladi;

— eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishdan oldin ularning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladi hamda dastlab jamoatchilikning taklif va tavsiyalari olinib, ular asosida tegishli loyihalar ishlab chiqiladi;

— normativ-huquqiy hujjatni kuchini yo‘qotgan deb topish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilganda, uning asosida qabul qilingan quyi turuvchi normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o‘tkazilib, ularni ham o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish masalasi ko‘rib chiqiladi.