Iqtisodiy taʼsiri past holatlar boʻyicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga javobgarlik choralari qoʻllanmasligi belgilanmoqda

Iqtisodiy taʼsiri past holatlar boʻyicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga javobgarlik choralari qoʻllanmasligi belgilanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Qonun loyihasi bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi loyihalar Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan majburiy tartibda kelishib olinishini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, asosiy faoliyati tabiiy monopoliya boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tabiiy monopoliyalar sohasida faoliyat olib borganda ular tabiiy monopoliya subyektlari hisoblanmasligi, bunda, ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan narxlar (tariflar) asossiz oshirilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi, tadbirkorlar va isteʼmolchilar huquqlari va manfaatlarining kamsitilishi kabi holatlarda ularga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari qoʻllanilishi koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, iqtisodiy taʼsiri past holatlar boʻyicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik subyektlariga javobgarlik choralarini qoʻllamagan holda, profilaktik tushuntirish tadbirlarini amalga oshirish belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan raqobat sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar muvofiqlashtiriladi, tovar va moliya bozorida sogʻlom raqobat muhiti taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.