O‘zbekistonda tarkibida shakar mavjud bo‘lgan gazlangan ichimliklarning 1 litr uchun 500 so‘m, energetik ichimliklar uchun esa 2000 so‘m aksiz solig‘i joriy etilmoqda. Xo‘sh, bundan maqsad haqiqatan ham sog‘lom turmush tarziga o‘tishni rag‘batlantirishmi? Agar shunday bo‘lsa, bu chora ko‘zlangan maqsadga erishishda yordam bera oladimi?
O‘zbekistonda 2024 yil 1 apreldan tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan gazlangan ichimliklarning 1 litri uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etiladi. Bu – 2024 yil uchun Davlat budjeti qabul qilinishi munosabati bilan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarda nazarda tutilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tarkibida shakar va boshqa turdagi shirinlantiruvchi moddalar mavjud alkogolsiz ichimliklar uchun qo‘shimcha soliq kiritish bo‘yicha tavsiyasi inobatga olinganini bildirgan. Aksiz solig‘idan tushgan mablag‘lar Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarning 1 litri uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i ham belgilandi.
Maqsad nima?
Dunyo miqyosida “shakar solig‘i” joriy qilinishidan asosiy maqsad – aholi orasida ortiqcha vazn va semirish muammosini kamaytirish, qandli diabet kasalligiga chalinish holatlarining ortib borayotgani bilan izohlanadi.
2014 yilda “Action on Sugar” tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 330 ml gazlangan shirin ichimliklarning 79 foizi olti yoki undan ortiq choy qoshiq shakarni o‘z ichiga oladi. Bu – kattalar uchun shirinlikning maksimal sutkalik dozasiga teng.
Boshqa bir tadqiqot natijalariga qaraydigan bo‘lsak, kuniga bir yoki ikki butilka shakarli ichimlik ichish qandli diabet rivojlanish xavfini 26 foizga oshiradi.
Buyuk Britaniyaning nufuzli The Lancet tibbiy jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2021 yilda dunyoda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 529 million kishi bo‘lgan bo‘lsa, 2050 yilga borib ularning soni 1,31 milliardga yetadi. Qandli diabet bilan kasallanishning 49,6 foizga oshishi esa semirish bilan bog‘liq. Gazlangan ichimliklarning organizm uchun quyidagi xavfli oqibatlari mavjud:
- Agressivlik va depressiyaning kuchayishi. 2020 yilda 11, 13 va 16 yoshli 5147 nafar bola ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot gazli ichimlik iste’moli va agressivlik o‘rtasida bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan.
- Erta qarish. Gazli ichimliklarda ishlatiladigan fosfat, shuningdek, boshqa ko‘plab qayta ishlangan oziq-ovqatlar qarish jarayonini tezlashtiradi. Shuningdek, gazli ichimliklar surunkali buyrak kasalligini keltirib chiqaradi va yurak-qon tomir tizimi uchun ham zararli.
- Saraton kasalligi xavfining ortishi. 2019 yilda British Medical Journal tomonidan 5-18 yoshgacha bo‘lgan 101 ming 257 nafar ishtirokchi bilan o‘tkazilgan tadqiqot shakarli ichimliklarni iste’mol qilish saraton, xususan, ko‘krak saratoni xavfini keltirib chiqarishini ko‘rsatgan. Jumladan, kuniga 100 ml qo‘shimcha shakarli ichimliklar ichish saraton xavfini 18 foizga oshirishi mumkin degan xulosaga kelingan.
- Yurak-qon tomir kasalliklari. Shakarli ichimliklar va yurak-qon tomir kasalliklarida o‘lim darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlik bor. Har kuni iste’mol qilingan shakarli ichimlikning har bir qo‘shimcha qismi yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lish xavfini 10 foizga oshiradi.
- Qandli diabet rivojlanish xavfining ortishi. Shakarli ichimliklar ikkinchi toifa diabet rivojlanish ehtimolini oshiradi. 2009 yilda Amerika diabet assotsiatsiyasi kuniga bir yoki bir nechta gazlangan ichimliklar ichish diabet xavfini 67 foizga oshirganini ma’lum qilgan.
- Ortiqcha vazn. 749 nafar kattalar ishtirokida 10 yil davomida o‘tkazilib 2015 yilda yakunlangan tadqiqotga ko‘ra, har kuni gazli ichimlik iste’mol qiladigan odamlarda qorin bo‘shlig‘idagi semirish shakarli ichimliklarni iste’mol qilishni to‘xtatganlarga qaraganda deyarli to‘rt baravar yuqori bo‘ladi.
- Alsgeymer kasalligi xavfining ortishi. 2020 yilda olimlar gazli ichimliklarni ko‘proq iste’mol qilish demensiya, Alsgeymer kasalligi va insultning barcha shakllari xavfi ortishi bilan bog‘liqligini aniqlagan.
- Tishlar va jigarning shikastlanish xavfining ortishi. Gazlangan ichimliklar tishlarga zarar yetkazishi va kariyes, tish eroziyasi kuchayishiga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar gazli ichimliklar ichilgandan keyin darhol tishlarni yuvmaslikni tavsiya qilgan. Chunki kislota tishlar tuzilishini yumshatib, ularni tushib ketishiga moyil qilib qo‘yadi.
Ko‘rib turganimizdek, gazlangan ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish inson organizmida jiddiy xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ishlamaydigan norma va tasdiqlanmagan loyiha
Ayni vaqtlarga kelib dunyoning ko‘pgina davlatlarida energetik ichimliklarni sotishga turli qonuniy cheklovlar belgilangan. Bu borada O‘zbekistonda ham bir qator tartiblar mavjud. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 37-moddasiga ko‘ra, energetik ichimliklar reklamasida bunday ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo‘lishi kerak. Shuningdek, energetik ichimliklarning reklamasi:
- energetik ichimliklarni iste’mol qilish jarayonlarini namoyish etmasligi;
- sportda yutuqlarga erishgan insonlarning tasvirini o‘z ichiga olmasligi;
- energetik ichimliklarni iste’mol qilish reklamadan foydalanuvchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi kerak.
Bundan tashqari, 18 yoshdan kichiklarga energetik ichimliklarni sotish taqiqlangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 164-moddasiga muvofiq, ushbu qoidani buzgan fuqarolar BHMning 5 barobaridan 10 barobarigacha, yuridik shaxslar esa 7 barobaridan 15 barobarigacha jarimaga tortiladi.
Biroq bu normalarni amaliyotga tatbiq qilish borasida kamchiliklar yetarli darajada. Biror do‘konda ushbu mahsulotni xarid qilayotgan insondan yoshi so‘ralgani, sotilmay olib qo‘yilgani kabi holatlarni deyarli uchratmaymiz. Mutaxassislar bunday ichimliklar o‘smir bolalar salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytib kelishadi, ammo O‘zbekistonda bu boradagi iste’molni kamaytirishga qaratilgan amaldagi tartiblar har doim ham ishlayvermaydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida 2022 yil 1 sentabrdan maktablarga 500 metrga yaqin hududlarda shakarli, gazlangan va energetik ichimliklar hamda tez tayyorlanadigan taomlar savdosini taqiqlash ko‘zda tutilgandi. Ammo bu noma’lum sabablarga ko‘ra qabul qilinmadi.
“O‘smirlarning ovqatlanishi bilan bog‘liq muammolar dolzarbligicha qolmoqda. Masalan, 2017 yilda o‘tkazilgan ovqatlanish bo‘yicha tadqiqotlarga ko‘ra, 5-19 yoshdagi bolalar va o‘smirlar orasida ortiqcha vaznning paydo bo‘lishi o‘g‘il bolalar o‘rtasida 8,4 foizdan 16,3 foizga, qizlar o‘rtasida 11 foizdan 17 foizga, semizlik esa o‘g‘il bolalarda 2 foizdan 5 foizgacha va qizlarda 1 foizdan 3 foizgacha o‘sdi. Qizlar o‘rtasida noto‘g‘ri ovqatlanish va mikroelementlarning yetishmasligi esa, kelajakdagi homiladorlikning og‘ir asoratlariga sabab bo‘ladi”, deyilgandi qaror loyihasida.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, gazlangan ichimliklar uchun aksiz solig‘i joriy qilishdan maqsad insonlar salomatligiga qayg‘urishdan ko‘ra, ko‘proq budjetni to‘ldirish uchun qo‘shimcha manba yaratish bo‘lgandek taassurot uyg‘otmoqda. Chunki bu borada mavjud qonunchilikning amaliyotga tatbiq qilinishida yetarlicha muammolar bor. Boshqa bir holatda esa o‘smirlar salomatligini yaxshilash uchun ishlab chiqilgan qaror loyihaligicha qolib ketgan.
Bu boradagi xalqaro tajriba qanday?
“Tarkibida shakar yoki boshqa turdagi shirinlashtiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan ichimliklarni soliqqa tortish dastlab Belgiya, Finlandiya, Fransiya, Vengriya, Irlandiya, Latviya, Monako, Norvegiya, Portugaliya va Buyuk Britaniya kabi davlatlarda joriy etilgan va ushbu amaliyot 2016 yildan keyin boshqa mamlakatlarda ham keng tarqalgan. Bugungi kunda 50 dan ortiq mamlakatlarda mazkur turdagi ichimliklardan aksiz solig‘i undirib kelinmoqda. Bunday soliq MDHga a’zo davlatlar – Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarboyjonda ham joriy etilgan. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida soliq stavkasi ichimliklarning bir litri uchun 0,07 – 0,2 yevro, Rossiyada 7 rubl (yoki 0,07 AQSh dollari), Ukrainada 0,1 yevroni tashkil qiladi”, – deyilgan aksiz solig‘i joriy qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasida.
O‘rganishlarimizga ko‘ra, dunyoda birinchi marta shakarli gazlangan ichimliklar uchun aksiz solig‘i 1930 yilda Daniyada joriy qilingan, lekin 2013 yilga kelib, gazlangan ichimliklarning noqonuniy savdosi avj olib ketgani ortidan u bekor qilingan. Avstraliyada ham bu kabi soliq turi mavjud va hozirgi kunda hukumat ichimliklardagi shakar miqdorini kamaytirish ustida ishlamoqda. Maqsad – shakar miqdori past yoki shakarsiz ichimliklar iste’molini oshirish.
Meksikada o‘tkazilgan tadqiqotlar esa “shakar solig‘i”ning joriy qilinishi iste’mol kamayishiga olib kelishini ko‘rsatgan. Mamlakatda 2013 yil oktyabr oyida gazlangan ichimliklar uchun soliq joriy qilinadi. Shundan so‘ng, 2014 yilda mamlakatda gazlangan ichimliklar savdosi 6 foizga kamayadi, aksincha suv va soliqqa tortilmaydigan ichimliklar sotib olish o‘rtacha 4 foizga oshadi.
Umuman olganda, ko‘plab ilmiy markazlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar shakarli gazlangan ichimliklar uchun soliq joriy qilinishi iste’molni kamaytiradi degan xulosani bergan. Ammo ba’zi tadqiqotlarda bu yetarli darajada samara bermasligi, odamlar boshqa muqobil, soliq solinmagan ko‘p kaloriyali mahsulotlarni iste’mol qilishni ko‘paytirishi keltirib o‘tiladi.
Yangi soliq narxlarga qanday ta’sir qiladi?
Soliq yukining iste’molchi va sotuvchiga bo‘linishi shakarli gazlangan ichimliklar narxining egiluvchanligiga bog‘liq. Talabning narx egiluvchanligi taklifning narx egiluvchanligidan yuqori bo‘lsa, sotuvchilarga soliq yuki ko‘proq tushadi, agar taklifning narx egiluvchanligi talabning narx egiluvchanligidan yuqori bo‘lsa, asosiy soliq yuki xaridorlarga tushadi. Shu jihatdan, aksiz solig‘i narxlar oshishiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi mamlakatlar kesimida farq qiladi. Shuningdek, soliq yuki turli ijtimoiy qatlamlarga har xil ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, Meksikada shakar solig‘ining 63,7 foiz yuki eng quyi ijtimoiy guruhlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari qonun loyihasini ko‘rib chiqishda yangi soliqning narxlarga va tadbirkorlik sub’yektlariga ta’siri, bu borada o‘tkazilgan tadqiqotlar bor-yo‘qligi va yangi soliqning boshqa ehtimoliy oqibatlarini muhokama qilmadi.
Gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i joriy qilish kerakmi?
Iqtisodchi Valijon To‘raqulovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bu turdagi ichimliklar uchun aksiz solig‘ining joriy qilinishi umumiy holatda yaxshi, ammo hukumat odamlarga muqobil arzon sog‘lom ichimliklar taklif qilishi va soliqning regressiv tabiatidan qochishi kerak.
“Umumiy jihatdan olib qaraganda, bu ijobiy. Masalan, ayrim mamlakatlarda tezkor ovqatlanish tarmoqlari uchun semizlik solig‘i (fat tax) joriy qilingan. Bundan maqsad – odamlarda ortiqcha vazn to‘planishining oldini olish maqsadida iste’molni kamaytirish. Aholi o‘rtasida semirishning kuchayishi esa iqtisodiyotdagi samaradorlikning tushib ketishiga olib keladi. Agar O‘zbekistonda shakarning o‘ziga qo‘shimcha soliq joriy qilinishi kerak deyilganida, bu juda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi va ko‘p narsaning narxiga ta’sir qilardi. Iste’molni kamaytirish uchun gazlangan ichimliklarga soliq solinishi va undan tushgan mablag‘ning Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi yaxshi jihat.
Shu bilan birga, har bir narsaning ikkinchi tomoni ham bo‘ladi. Xususan, gazlangan shirin ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan kichik bizneslar bor. Hukumat ularga shakari kam yoki tabiiy ichimliklar ishlab chiqarishga o‘tishi uchun yordam ko‘rsatishi kerak. Shuningdek, odamlarga gazlangan ichimliklar zarar ekanini ko‘rsatuvchi ijtimoiy harakatlarni ko‘paytirib, ularga tabiiy mahsulotlardan tayyorlanadigan boshqa alternativlar taklif qilinishi lozim.
Yana bir jihat, Cola yoki Pepsi kabi ichimliklarni asosan aholining daromadi kam qatlami iste’mol qiladi, shu sababli mazkur soliq kambag‘aldan olib boyga berishga o‘xshab qolishi mumkin va buni regressiv soliq deb ataymiz. Bunda kambag‘allarga soliq yuki ko‘p tushadi, taqsimotida esa boylar ko‘proq oladi. Jamiyatdagi iqtisodiy tengsizlikni soliqlar orqali kamaytira olish juda ham mushkul ish, lekin aynan soliqlar sababli tengsizlikni kuchaytirib yuborish juda ham oson. Mana shu narsaga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Shuning uchun to‘plangan mablag‘ ko‘proq kambag‘al aholi manfaatlari uchun ishlatilishi kerak.
Bundan tashqari, mana shu soliqning foydasi qay darajada bo‘lish yoki bo‘lmasligini aniqlash uchun insonlar sog‘lig‘ining qay darajada o‘zgargani bo‘yicha monitoring olib borish lozim bo‘ladi.
Xulosa qiladigan bo‘lsa, bu umumiy holatda yaxshi va ko‘p mamlakatlarda bor soliq. Lekin davlat kichik bizneslarni saqlab qolish uchun ularga yordam qilishi kerak bo‘ladi. Odamlarga esa bu kabi ichimliklar qimmat bo‘lsa, qanday arzon sog‘lom ichimliklar ichish bo‘yicha muqobillar berilishi kerak. Shuningdek, soliqning regressiv tabiatidan qochish kerak va doimiy ravishda ushbi soliq siyosatining salbiy va ijobiy jihatlarini o‘z ichiga olgan tadqiqotlar olib borilishi lozim”, deydi Valijon To‘raqulov.